Professional Documents
Culture Documents
History
History
Adabiyotlar:
2
“Ҳаёт ва иқтисод” журнали, 1991 йил, № 2, 56-бет.
XX asrning 80-90-yillarida O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta
xomashyosining 93-94 foizi, oltinning barchasi Markazga olib ketilgan holda,
mahalliy aholining iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji tobora oshib borgan.
Bu ehtiyoj asosan sobiq Ittifoqning boshqa mintaqalaridan don va go‘shtning 70
foizi, kartoshkaning 60 foizi, qand, quruq sut va bolalar oziq-ovqatlarining 100
foizi va boshqa mahsulotlar yurtimizga olib kelingan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining paxtadan boshqa hamma sohalari
qisqartirilishi oqibtida o‘zbeklar faqat paxta yetishtiruvchi dehqonlarga aylantirildi.
Sanoat, transport, aloqa tarmoqlari eng quyi ko‘rsatkichlarda amalga oshirildi.
Ijtimoiy soha, fan, ta’lim, madaniyat va sog‘liqni saqlash rivoji Ittifoq
ko‘rsatkichidan eng past darajada qoldi. Masalan, 1989 yilda Qashqadaryo
viloyatida 800 ta maktabdan 300 tasi moslashtirilmagan binolarda, 966 ta sinfda
pol, 1048 ta sinfda ship, 113 ta maktabda oshxona yo‘q, 114 ta maktab binosining
devorlari esa nurash arafasida edi. Paxta yakkahokimligi tufayli uylarning
ostonasigacha chigit ekilardi. Buning natijasida xalqimizning qadimiy dehqonchilik
va chorvachilik madaniyati rivojlanmay qoldi.
Sovetlar hukmronligining so‘nggi o‘n yilliklarida O‘zbekiston madaniyatining
rivoj topishiga madaniyat va san’at sohasini moddiy-iqtisodiy jihatdan ta’minlashda
yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatolar ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, 1940 yildan
boshlab surunkali ravishda mazkur soha uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratish
kamayib bordi: 1940 yili respublika aholisi talab-ehtiyojlari uchun ijtimoiy-
madaniy tadbirlar va fanning rivojiga sarflangan xarajatlar respublika byudjeti
umumiy xarajatlar qismining 67,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 1980 yilga kelib 46,9
foizini tashkil etdi. Fan va madaniyat uchun ajratilgan mablag‘ning muntazam
kamayib borishiga sabab davlatning bu soha uchun mablag‘ ajratishni
istamaganidan emas, balki Sovet davlati iqtisodiy ahvoli tobora yomonlashib
borayotganligidan dalolat edi. Ayniqsa, bu 80-yillarning ikkinchi yarmiga kelib bu
holat keskin tus ola boshladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy turg‘unlik yillarida SSSRda siyosiy aqidaparastlik yanada
kuchaydi. Bu yillarda musulmonchilik va millatchilikning barcha ko‘rinishlari yana
bir karra “eskilik sarqiti” sifatida qoralandi. Bunday hol, ayniqsa, 80-yillarning
o‘rtalarida, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy
qo‘mitasining birinchi kotibi Sharof Rashidov vafotidan so‘ng siyosiy hokimiyat
tepasiga kelgan I.Usmonxo‘jaev ma’muriyati davrida yaqqol sezildi. Bu davrda
respublika rahbariyati, asosan, Markazning “ko‘rsatmasi”ni to‘xtatmasdan bajarish,
uni hayotga tatbiq qilish bilan shug‘ullandi, xolos. Xalqning taqdiri ijtimoiy-
madaniy ahvoli Usmonxo‘jaev ma’muriyatini qiziqtirmadi. Bu yillarda
respublikada ko‘plab masjidlar, madraslar yopib qo‘yildi, ular yana
omborxonalarga aylantirildi. Diniy marosimlar qat’iy cheklandi, janoza o‘qish,
marhumlarni so‘nggi yo‘lga kuzatish va boshqa odatlar ta’qiqlandi. O‘rta Osiyo
xalqlarining qadimiy, islomgacha mavjud bo‘lgan milliy-an’anaviy bayrami
“Navro‘z” ta’qib ostiga olindi. Go‘yo Navro‘zni umumxalq bayrami sifatida
nishonlash boshlanganidan bo‘yon respublikada “dinga ishonuvchilar soni
ko‘paygan” emish. Kommunistik aqidaparastlar Navro‘zni ta’qiqlab, uning o‘rniga
“Navbahor” bayramini o‘ylab topdi. Lekin o‘zbek xalqi yuqoridan “tushirilgan”
yangi bayramini qabul qilmadi.
1990 yil 21 martdan boshlab, eng qadimiy bayramlarimizdan biri Navro‘z
umumxalq bayrami sifatida nishonlandi. Navro‘z an’analariga binoan, qariyalar,
bolalar, bemorlar, nogironlar holidan xabar olish, beva-bechora va boquvchisidan
ajralganlarga mehr-shafqat ko‘rsatish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirildi
3.O‘zbekistonda “Paxta ishi” va uning oqibatlari.
“Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi”, “Sharqiy front” deb atalgan siyosat, aslida
Sobiq sovet davlatining xalqqa nisbatan qaratilgan qatag‘onlik siyosati edi. Bu
jarayon 1983 yildan 1991 yilgacha davom etib, ko‘plab begunoh kishilar jinoiy
javobgarlikka tortilgan. “Paxta ishi”, “qo‘shib yozishlar” masalasi 1983-yilda
o‘tkazilgan O‘zbekiston Kompartiya MQsining XVI Plenumi va unda Inomjon
Usmonxo‘jayevning Markazdan O‘zbekistonga kadrlar bilan “yordam berish”ni
so‘rab qilgan murojatidan so‘ng bu ish avj oldi. O‘zbekistonga yuzlab, minglab
kadrlar yuborildi. 1983 yilning aprel oyida markazdan T.Gdlyan va V.Ivanov
boshchiligida 200 kishidan iborat tergovchilar guruhi ham keldi.
Yuborilgan tergov guruhi hech kim bilan hisoblashib o’tirmay odamlarni
qamash bilan shug‘ullandi. Oddiy dehqondan tortib O’zbekiston Kompartiyasi MQ
kotiblari va hukumat a’zolarigacha bo’lgan xodimlarni qamash uchun birovlardan
zo’rlab yozdirib olingan bir parcha qog‘ozning o’zi kifoya edi. Tergov jarayonida
ko‘rsatma olish uchun, qiynoq va taqiblarga kasallar, qariyalar, ko'p bolali onalar
ham tortilgan. O’zbekistonda qonunchilik buzildi, o’zboshimchalik va
qatag‘onchilikning yangi davri avj oldi. Ming-minglab iqtidorli, rahbarlik
mahoratini puxta egallagan rahbar kadrlar, mirishkor paxtakorlar ham qamoqqa
olindi. Hibsga olingan respublika partiya va davlat organlarining rahbarlari esa
Moskva qamoqxonalariga tashlandi. Tergov xodimlari 30-yillarda ishlatilgan
yaramas usullardan foydalanib, hibsga olinganlarni qiynab, boshqalar ustidan
to’qilgan aybnomalarni ularning qo’li bilan qaytadan yozdirib olardi va bu
«aybnoma» tobora ko’p begunoh odamlarni qamashga asos bo’lib xizmat qilardi.
O‘zbekistonning 65 foiz aholisi o‘sha paytlarda faqat paxta yetishtirish bilan
shug‘ullanar, millionlab odamlar – maktab o‘quvchilari, talabalar markazning
topshirig‘i bilan dekabr, hatto yanvar oylarida ham paxta terish bilan majburiy,
deyarli tekinga shug‘ullanishardi. Yig‘ishtirilgan hosil esa past narxlarda markazga
jo‘natilardi. Markaz yil sayin O‘zbekistonda paxta tayyorlash rejasini
oshiravergan. Qisqa vaqt ichida reja to‘rt million tonnadan olti million tonnagacha
ko‘tarildi. Bu Brejnevning talabi edi. Qo‘shib yozish haqida gap ketganda davlatga
paxta topshirishda bor-yo‘g‘i 2-3 foiz qo‘shib yozish bo‘lgan, xolos. Ana shu
qo‘shib yozishlarning asosiy ilhomchisi va tashkilotchisi Moskvaning o‘zi bo‘lgan
edi. O‘zbekistondan markazga minglab xatlar yuborilgan. Bu xatlarda paxta
yetishtirish uchun suv yetishmasligi, Orol dengizining qurishi, paxta uchun
berilayotgan mablag‘ nihoyatda ozligi, kolxozchilar iqtisodiy ahvoli, turmush
tarzining o‘ta achinarli holati, paxta zararkunandalariga qarshi ishlatiladigan
gerbitsidlardan ko‘plab paxtakorlar zaharlangani, ularning katta qismi dardga
chalinib o‘lib ketganligi, ustiga-ustak paxta mehnati uchun to‘lanadigan haq
nihoyatda kamligi asoslab berilgan edi.
Lekin Markaz bularni inobatga olmay o‘zbek xalqini aybdorga chiqargan. Ular
tomonidan yuborilgan Gdlyan va Ivanovlar markaziy va mahalliy ommaviy
axborot vositalarida O‘zbekistonda jinoyatchi to‘dalarni fosh qilganliklari haqida
«O‘zbeklarning hammasi poraxo‘r», «O‘zbekiston biz uchun sharqiy front»,
«O‘zbekiston O‘rta Osiyo Chernobili» degan milliy sha’nimizni tahqirlovchi
so‘zlar bilan juda katta shov-shuv ko‘targanlar. Ushbu tergov guruhi hibsga
olingan ayblanuvchilarga nisbatan qonunni g‘araz niyatlar bilan olti yil mobaynida
beshafqat, surbetlarcha oyoqosti qilib keldilar. Ular qurollangan askarlar bilan
harbiy vertolyotlarda olis qishloqlargacha bostirib kirib, odamlarning bor-budini
talab, zo‘ravonlik qilganlar. Qiynoqlarga solinganlarning ko‘pchiligi qarindosh-
urug‘laridan, mahalladoshlaridan qarz olib pullarni tergovchilarga keltirib berishga
majbur bo‘lishgan. Tergovchilar esa qancha ko‘p pul olib kelsanglar,
qarindoshingni shuncha tez qamoqdan chiqarib yuboramiz deb aldaganlar.
Mana shu yillarda KPSS va O‘zbekiston kompartiyasi markaziy qo‘mitalariga,
turli idoralarga mehnatkashlarning shikoyat arizalari, murojaatlari tinmay kela
boshlagan. Ularda sudlar chiqargan hukmlardan norozilik, asossiz qamoqqa olinib,
mol-mulklari talon-toroj qilinganligi, tergov jarayonida qiynoqlarga solingan,
zo‘ravonliklarga uchraganlar haqida yozilgan edi.
1983–1989-yillar xalqimiz uchun nihoyatda og‘ir yillar bo‘lgan.
Umuman “Paxta ishi” (“O’zbek ishi”) “jinoyat” ishi bo’yicha jami 40 ming
kishi tergovga tortilgan, 25 mingga yaqin kishi qiynoq ostiga olinib, so’roq qilindi.
4018 kishi noqonuniy sud qilinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.
Butun SSSRda bo’lganidek, O’zbekistonda ham kamchiliklar, qo’shib
yozishlar, poraxo’rlik illatlari va boshqa jinoyatchiliklar bor edi, albatta. Lekin bu
illatlarni o’zbek xalqi emas, balki sovet hokimiyatining ijtimoiy-siyosiy tuzumi
keltirib chiqargan edi.
O‘zbekistonning yangi rahbariyati I.A. Karimov respublikaning siyosiy va
ijtimoiy betartiblik sari siljishini to‘xtata oldi. Ko'p o'tmay, bir qator aff qabul
qilingan va amalga oshirilgan markaziy ommaviy axborot vositalari orqali butun
xalq boʻylab, uning vakillariga nisbatan hech qanday repressiya oʻzbek xalqining
irodasini buzmadi. Aksincha, oʻzbek xalqi sovet maʼmuriy-maʼmuriy-
buyruqbozlik tizimining nomuvofiqligi va xalqqa zidligini tobora anglab yetdi.
Sudlangan yoki jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar
Ikkinchi jahon urushi yillarida mustabid tuzum tomonidan deportatsiya qilingan bir
qator xalqlar qatorida mesxeti turklari ham bo‘lib, ular asosan aholi zich
yashaydigan Farg‘ona viloyatiga, bir qismi Andijon, Namangan va Toshkent
viloyatlariga joylashtirilgan bo‘lib, buning oqibatida ijtimoiy-iqtisodiy va
millatlararo munosabatlarda qo‘shimcha muammolarni yuzaga keltirgan edi. Bu
muammoga sovet davlati o‘z vaqtida e’tibor bermadi. 1989 yil 24 mayda Quvasoy
shahrida yoshlar o‘rtasida (R. Nishonov ta’rificha, “bir banka qulpunoy uchun” )
bo‘lgan bezorilik millatlararo (mahalliy yoshlar bilan mesxeti turklar o‘rtasida)
to‘qnashuvni keltirib chiqardi va bu mojaro Farg‘ona vodiysida ommaviy tus oldi.
Respublikaning siyosiy rahbariyati yuzaga kelgan bu murakkab vaziyatni to‘g‘ri
baholay olmagani uchun, yoshlarning ommaviy chiqishlari, millatlararo
to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.